AQSh Oliy sudi 1-iyul kuni sobiq prezident Donald Trampning da’vosi yuzasidan qaror chiqardi. Sud qaroriga ko‘ra, sobiq prezidentlar rasmiy xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, lekin shaxsiy ravishda sodir etilgan qilmishlari uchun bunday emas, deb xabar bermoqda CNN. Qaror uchtaga qarshi oltita ovoz bilan qabul qilindi.

Gap Trampning 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligi bo‘yicha ish haqida bormoqda. Sobiq prezidentga to‘rtta modda, jumladan, davlatni aldash maqsadida til biriktirish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Tramp o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, prokuraturani “jodugar ovi” deb atagan. Uning advokatlari Kolumbiya okrugi Apellyatsiya sudiga apellyatsiya arizasi topshirgan va sud Trampga qarshi qaror chiqargandi. Shundan so‘ng siyosatchining advokatlari ishni ko‘rib chiqishga rozi bo‘lgan Oliy sudga murojaat qildi.

Oliy sud mamlakat sobiq rahbarining qaysi xatti-harakatlari jinoiy javobgarlikka tortishdan daxlsizlik bilan ta’minlanadi, qaysilari yo‘q — quyi sudlar ixtiyoriga qoldirdi.

Oliy sud qarori Kapitoliyga bostirib kirganlik uchun jinoiy sud jarayonini yillar davomida kechiktirishi mumkin, deb ta’kidladi CNN. Bu, shuningdek, Tramp ayblanayotgan boshqa holatlarga, jumladan 2020-yilgi prezidentlik saylovining Jorjiya shtatidagi natijalarini bekor qilishga urinishga ham ta’sir qilishi mumkin.

Trampning o‘zi ham Oliy sud qarorini olqishladi. “Konstitutsiyamiz va demokratiyamiz uchun katta g‘alaba. Amerikalik ekanimdan faxrlanaman!” — deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.