4 ta viloyatda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Urganch tumanida faoliyat yurituvchi V.B. korxonasi ko‘zdan kechirilgan. Natijada MCHJ rahbari B.R. xo‘jalik yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini tarmoqqa elektr hisoblagichdan tashqari yashirincha ulab, jami 2,2 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Boshqa holatda departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi va hududiy ETK xodimlari hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda U.B. fermer xo‘jaligi rahbari U.R. yuqoridagi kabi holat sodir etib, 223,5 million so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgan.

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida ham N.U. va Q.D. fermer xo‘jaligi rahbarlari sug‘orish uchun suv nasoslarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, jami 215,3 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan. Farg‘ona tumanida esa fermer xo‘jaligi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mas’ullari 146,2 million so‘mlik zarar keltirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni prezident energiya samaradorligini oshirishga doir yig‘ilish o‘tkazdi va unda enegriya iste’molida o‘g‘irliklar ko‘payganini ta’kidladi. U buni noqonuniy ulanishlarning oldini olish bilan emas, oqibatiga qarshi kurashilayotgani bilan izohladi. Energiya sarfini qat’iy nazorat qilish, mas’ullar javobgarligini oshirish zarur, dedi u.