Sirdaryo viloyati Guliston shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i tadbirkordan 90 mln so‘m olishda gumonlanmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ETK boshlig‘i D.N. korxona muhandisi vazifasida ishlagan davrida “G.S.K.” MCHJning elektr ta’minotidan 202,5 mln so‘m qarzdorligini kamaytirib berishini aytgan.

Evaziga MCHJ nazoratchisi A.G.dan 90 mln so‘m olgan. Ushbu pul hisobidan 3 mln so‘mni fuqaro U.M. orqali qaytargan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentda “Chilonzortumangaz” xodimi va yetakchi muhandisi 25 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlangandi. Ular tadbirkorga gaz uchun to‘lovda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rish bo‘yicha hujjat rasmiylashtirmaslikni va’da qilgan.