SAXAL (Isroil mudofaa kuchlari) harbiy rahbariyati G‘azo sektorida, hatto HAMAS hozircha hokimiyatda qolsa ham, o‘t ochishni to‘xtatishni istaydi, deb yozmoqda The New York Times (NYT) mamlakatning amaldagi va sobiq xavfsizlik amaldorlariga tayanib.

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, generallarning fikricha, sulh G‘azoda HAMAS qo‘l ostidagi tirik va o‘lik 120 nafar garovga olinganlarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi.

Harbiylar, shuningdek, Isroil qurolli kuchlariga oktabr oyidan buyon Isroil bilan “astalik bilan kurashib kelayotgan” Livanning “Hizbulloh” guruhi bilan to‘qnash kelgan taqdirda, tiklanish uchun vaqt kerak, deb hisoblaydi. Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan bilan chegaraga qo‘shinlar o‘tkazilishini istisno etmagan edi.

NYT manbalariga ko‘ra, XAMAS bilan sulh “Hizbulloh” bilan kelishuvga erishishni osonlashtirishi mumkin — guruh G‘azo sektoridagi janglar to‘xtamaguncha Isroil hududiga hujum qilishda davom etishini ma’lum qilgan.

Nashrning ta’kidlashicha, harbiylarning o‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan munosabati ularning tafakkuridagi so‘nggi oylardagi “katta o‘zgarishlarni” aks ettiradi, chunki Netanyaxu urushdan keyingi rejani tuzishdan yoki uni amalga oshirish majburiyatini o‘ziga olishdan bosh tortishi aniq bo‘ldi. “Bu qaror mohiyatan anklavda hokimiyat bo‘shlig‘ini yuzaga keltirdi va askarlarni G‘azoning allaqachon HAMAS jangarilaridan tozalangan qismlariga qaytishga va jang qilishga majbur qildi”, — deyiladi materialda.

“Harbiylar garovdagilarni qaytarish va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi Isroilning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Eyal Hulata. — Ular G‘azodagi pauza Livanda keskinlikni pasaytirishi mumkinligi ehtimolini oshirishini tushunadi. Ularning o‘q-dorilari, ehtiyot qismlari, energiyalari avvalgiga qaraganda kamroq — shuning uchun ham ular G‘azodagi pauza „Hizbulloh“ bilan kattaroq urush boshlansa, tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun ko‘proq vaqt beradi, deb o‘ylaydi”.

NYT suhbatdoshlariga ko‘ra, G‘azoda Isroil rejalashtirmagan urush boshlanganidan deyarli to‘qqiz oy o‘tib, mamlakatda o‘q-dorilar, motivatsiya va hatto askarlar yetishmayapti. Isroil armiyasida snaryadlar va harbiy texnika uchun ehtiyot qismlar taqchilligini nashrga besh nafar amaldor va zobit tasdiqladi. Gazetaning qayd etishicha, G‘azodagi urush so‘nggi 40 yil ichida Isroil ishtirokidagi eng shiddatli mojaroga aylandi.