Xorazm viloyati Urganch tumanining sobiq mansabdorlari yer berish tartibini buzgani aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi.

Xabarda aytilishicha, prezidentning tegishli farmonida sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofazaga olingani, ularning qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda, shu jumladan, sanoat va fuqarolik obyektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Shunday bo‘lsa-da, Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyasi sobiq mansabdor shaxslari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, 41 ball bonitetli 1,5 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonini savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi uchun foydalanishdan chiqargan. Bu uchun tuman hokimining noqonuniy qarori qabul qilinishiga erishib, yer berish tartibini buzib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ular 15 ming kvadrat metr qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida noturar joy obyekti qurilishiga ruxsat bergan. Urganch shahri bosh rejasida yo‘l hududida obyektlar joylashtirib bo‘lmasligi belgilanganiga qaramay, obyektning ixtisosini o‘zgartirishga noqonuniy ruxsatnoma bergan.

Oqibatda mazkur 14,2 ming kvadrat metr yer maydonida turar joylar qurilib, sotib yuborilgan hamda davlat va jamoat manfaatlariga 756 531 000 so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu holatlar bo‘yicha Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari, tuman qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 229−4-moddasi 2-qismi “b” bandi (Sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘lgan yer berish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Viloyat prokuraturasi tergov harakatlarini boshladi.