Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.

Ya’ni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek, dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bunga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Amalda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga — 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.