Poytaxtdagi barcha yangi avtobuslar saloni konditsioner bilan jihozlanganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur jamoat transportidagi issiq muhitdan norozi yo‘lovchilarning xabarlari paydo bo‘lmoqda. “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati (TSHTH)ning Yo‘lovchi transporti harakati tarkibini modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash bo‘limi boshlig‘i Saidmahmud Toshkenboyev “Gazeta.uz”ga haydovchilar konditsionerlarni qaysi vaqtda yoqishi va salondagi harorat qanday bo‘lishi kerakligi haqida ma’lumot berdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu yil jazirama erta kelgan. Shu sababli 20-may kuni TSHTH tomonidan avtobus parklariga soat 8:00 dan 19:00 gacha konditsionerni yoqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Bunday holda salon ichidagi harorat 26 darajadan oshmasligi kerak. Bu keksalar va bolalar uchun optimal harorat, deya ta’kidladi Saidmaxmud Toshkenboyev.

“Ba’zi istisno holatlarda konditsionerni soat 19:00 dan keyin ham yoqish mumkin. Masalan, yo‘lovchilar ko‘pligi tufayli salonda tiqilinch vaziyat yuzaga kelsa, haydovchilar sovitish tizimini yoqishlari mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Saidmahmud Toshkentboyevning aytishicha, ba’zi yo‘lovchilar salondagi harorat juda pastligidan shikoyat qiladi — ba’zida haydovchilar havo haroratini +17 darajaga tushirishadi. Avtobuslardagi sovitish tizimi shunday tuzilganki, salondagi harorat +26 darajadan past bo‘lsa, konditsionerlar avtomatik tarzda o‘chadi.

Konditsionerlarning belgilangan vaqtlarda yoqilmaganini ko‘rgan yo‘lovchilar TSHTHning 1062 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

“Agar haydovchi konditsionerni yoqmasa, yo‘lovchilar qo‘ng‘iroq qilib, avtobus raqamini aytishi mumkin. Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan chora ko‘riladi”, — dedi Saidmaxmud Toshkenboyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar boshqa muammolar tufayli sovitish tizimi ishlamayotgan bo‘lsa, avtobus nosozliklar bartaraf etilgunga qadar avtobuslar parkiga qaytariladi.