Shavkat Mirziyoyev 3−4-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Shanhay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etadi.

Sammit kun tartibidan SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ilish yakunida Ostona deklaratsiyasi hamda iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya, energetika, turizm va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.