Hukumat 2024-yilda gaz subsidiyalari uchun O‘zbekiston davlat budjetidan 9,5 trillion so‘mdan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ ajratilishini kafolatlagan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Rasul Kusherbayevning podkastida ma’lum qildi.

2023-yilda tabiiy gazning o‘rtacha xarid bahosi (bozor bahosi bo‘yicha) va ichki bozorda sotish (tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha) o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun Davlat budjetidan 17,99 trillion so‘m ajratilgan (dastlab 12,4 trillion so‘m ajratilgandi). Xususan, O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar asosida eksportga mo‘ljallangan gazni eksport narxlarida sotib olib, keyinchalik ichki bozorda sotish uchun import qilgan.

2024-yilda 1-maydan boshlab gaz tariflarini oshirish hisobiga subsidiyalar miqdorini 9,5 trillion so‘mgacha kamaytirish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, may oyi yakuniga ko‘ra 8,06 trillion so‘m yoki butun yil davomida rejalashtirilgan hajmning 84,8 foizi yo‘naltirib bo‘lgan.

“Noyabr oyida budjet muhokamalarida nega 9,5 trillion so‘mlik subsidiya yo‘naltirilgani, uning hajmi nega kamaytirilgani haqida so‘ragandik. Shundan so‘ng hukumat ishchi guruh doirasida aprel-may oylarida jismoniy shaxslar uchun tariflarni oshirish rejalarini aytishgandi. Ular birinchi chorakda [gaz narxini] subsidiyalash ko‘zda tutilganini va narx oshganidan keyin subsidiyalarga hojat yo‘qligini aytishdi”, — dedi Doniyor G‘aniyev.

Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, birinchi chorakda 9,5 trillion so‘mdan 8 trillion so‘mi o‘zlashtirib bo‘lingan, “bu bilan reja 100 foizga bajarilgan”, qolgan 1,5 trillion so‘m to‘rtinchi chorakda (oktabr-dekabrda) o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

“Menda savol tug‘ildi: allaqachon maksimal [prognoz qilingan] summa sarflab bo‘lindi, ammo sog‘liqni saqlash va oliy ta’lim sohasida hali pul ishlatilmadi, o‘zlashtirish 85−90 darajasida qolmoqda. Tenderlar, jihozlar yetkazib berishning kechikishi… bu mablag‘larga tegilmasligini aytishdi”, dedi u.

G‘aniyevning ta’kidlashicha, hukumat a’zolari gazni sotib olish va sotish o‘rtasidagi narxlardagi farqni qoplash uchun davlat budjetidan qo‘shimcha miqdorda subsidiya ajratilmasligini, ya’ni miqdori rejalashtirilgan 9,5 trillion so‘mdan oshmasligini ta’kidlagan.

Elektr energiyasining asosiy qismi (uchdan ikki qismi) yuridik shaxslar (kompaniyalar, fabrikalar, tashkilotlar) tomonidan iste’mol qilinadi, aholi ulushi qariyb 30% ni tashkil qiladi. Shu bilan birga, yuridik shaxslar uchun gaz va elektr energiyasi tariflari o‘tgan yilning 1-oktabridan oshirilgan.

“Mantiqan olganda, o‘tgan yili gaz subsidiyalariga qariyb 18 trillion so‘m sarflangan bo‘lsa, buning uchdan bir qismi, ya’ni 6 trillion so‘mga yaqini jismoniy shaxslar uchun yetarli bo‘lishi kerak. Shu savolni berganimizda, „Ha, shunaqa bo‘lishi kerak, lekin o‘tgan yili narxlar boshqa edi, bu yildan tannarxlar oshib ketdi“, — deyishdi. Ular 2023-yilgi budjetni rejalashtirayotganda elektr energiyasi narxi 1 kVt/soat uchun 800 so‘m etib belgilangani, 2024-yildan esa 1000 so‘mga ko‘tarilganini aytishdi. Men budjetning ichlarini ko‘ra olmayman, bilasiz, ular (hukumat — tahr.) uni tiyin tiyinigacha ochib bera olmaydi. Biz bu javobni to‘g‘ri deb olishga majburmiz”, — dedi deputat.

Deputat Doniyor G‘aniyev elektr energiyasi tannarxini shakllantirish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar yo‘qligini ta’kidladi. “Hozir biz narxlarni go‘yoki tannarxgacha olib kelyapmiz, lekin bunday shaffoflik yo‘q tizim bilan tannarxlar yana ikki barobar oshib ketmasligiga kim kafolat beradi?” — dedi u.

2022-yil iyun oyida Rasul Kusherbayev O‘zbekiston mahalliy va xorijiy kompaniyalardan sotib oladigan gaz narxlarini ma’lum qilgandi. U xorij korxonalari narxlarining yuqoriligidan noroziligini bildirib, bunday holat “vatanidan ko‘ra pulni ko‘proq yaxshi ko‘radigan ayrim amaldorlarning qilmishlari” tufayli yuzaga kelganini ta’kidlagandi.

O‘zbekistonda ikki yil ichida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori besh baravarga — 5,63 trillion so‘mdan 29,25 trillion so‘mgacha (2,5 milliard dollar) oshgan. 2023-yil yakuniga ko‘ra, 18 trln so‘m gaz sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,02 trln so‘m geologiya-qidiruv ishlariga sarflangan.