AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ishchilarni anomal issiq ta’siridan himoya qilish bo‘yicha takliflarni e’lon qildi. Mehnat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar, agar rasman tasdiqlansa, mamlakat tarixida ushbu sohadagi birinchi xavfsizlik standartlariga aylanadi, deb yozadi The Guardian.

Hujjat ish beruvchilardan issiqlik xavfsizligi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi lavozimini yaratishni, favqulodda issiqlik ta’sirini bartaraf etish rejalarini ishlab chiqishni hamda ishchilarga soya va suvdan foydalanishni ta’minlashni talab qiladi.

Bundan tashqari, yangi xodimlar issiq iqlimga moslashish jarayonidan o‘tishlari kerak bo‘ladi, bunda ularning yuqori haroratga ta’siri asta-sekin o‘sib boradi.

Taklif etilayotgan standart maxsus himoya choralarini o‘z ichiga oladi, deya qayd etdi Guardian. Ya’ni agar ish joyidagi issiqlik ko‘rsatkichi 27 darajadan oshsa, ishchilarga suv berilishi va harorat bilan boshqariladigan tanaffus xonalariga kirish imkoniyati taqdim etilishi kerak. Issiqlik indeksi 32 daraja yoki undan yuqori bo‘lsa, qo‘shimcha himoya choralari, jumladan, har ikki soatda haq to‘lanadigan 15 daqiqalik tanaffus va xodimlarning majburiy monitoringi amalga oshiriladi.

Ushbu standartga rioya qilmagan ish beruvchilar jarimaga tortilishi mumkin. Qoidalar AQShning barcha 50 shtatida amal qiladi.

Mehnat vazirligi prognozlariga ko‘ra, qoidalar kurerlar, pochta tashuvchilar, quruvchilar va fermer xo‘jaliklari xodimlari kabi taxminan 36 million ishchiga ta’sir qiladi, bu esa ish joyidagi issiqlik tufayli jarohatlar, kasalliklar va o‘limlar sonini sezilarli darajada kamaytiradi.