Ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy kiyim brendining madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokidagi reklama roligi tarqaldi. Raqobat qo‘mitasi holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, vazirning reklama roligida ishtirok etgani keng jamoatchilik tomonidan qonunbuzilish holati sifatida baholanmoqda.

“Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda reklama sohasiga oid qonunchilikni nazorat qilib borish hisoblanadi”, — deb yozdi qo‘mita.

Holat yuzasidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun doirasida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu qonunning 16-moddasiga ko‘ra, tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanadi.