Hukumat qarori bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Tegishli nizomga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.

Sug‘urta qildiruvchi subsidiya olish maqsadida “Agroplatforma” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi va quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:

  • sug‘urta shartnomasi;
  • ️sug‘urta polisi;
  • sug‘urta shartnomasida qayd etilgan sug‘urta mukofotining to‘liq to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.

Sug‘urta qilish nazarda tutilgan sug‘urta qildiruvchining qishloq xo‘jaligi ekinlari CropAgro ATga elektron joylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.

Subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • sug‘urta qildiruvchining o‘z arizasiga asosan;
  • belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
  • sug‘urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;
  • qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.

Sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni boshqa asoslar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabrida imzolangan prezident farmonida 2024-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilishi belgilangan edi.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov nega sug‘urta kompaniyalari qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilishdan qo‘rqishini aytgandi. Uning fikricha, bunga mamlakatdagi sug‘urta tizimi to‘liq rivojlanmagani sabab bo‘lmoqda.

“Nima uchun banklar qishloq xo‘jaligini moliyalashtirmaydi? Men sizga sobiq bankir sifatida javob beraman. Ular qo‘rqishadi, chunki risklar yuqori. Ular bizning sug‘urta tizimimiz to‘liq rivojlanmagani uchun ham shunday harakat qilishadi. Sug‘urta kompaniyalari esa iqlimni oldindan bashorat qilib bo‘lmagani tufayli qishloq xo‘jaligini sug‘urta qilishdan qo‘rqadi. Raqamlashtirish yaxshiroq prognoz qilishga yordam beradi, bu esa sug‘urtalash hamda banklardan moliya jalb qilish jarayoniga ijobiy ta’sir qiladi”, — degandi u.