Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudining 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya instansiyasi majlisida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasining “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi, deb yozmoqda “Daryo”. Sud majlisida 7 nafar sudlanuvchining shikoyati qanoatlantirilmadi.

Nashrning yozishicha, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sudlangan sobiq direktori Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva tomonidan to‘langan 2,5 milliard so‘m pul halok bo‘lganlarning vakillari va jabrlanuvchi bolalar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

26-fevral kuni sud Sardor Kariyevni 18 yilga, uning o‘rinbosarlarini 16 yilga, Hindiston fuqarosi bo‘lgan Quramax dori-darmon import kompaniyasining sobiq direktorini 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Sud sudlanuvchilardan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” preparatlaridan zaharlanib, halok bo‘lgan 68 nafar va jabrlangan 16 nafar bolaning oilalariga 75,6 milliard so‘m ma’naviy zarar undirishni belgilagandi. Bundan tashqari, sud Quramax tomonidan mansabdor shaxslarga berilgan pora miqdorini davlat foydasiga undirishga qaror qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi 2023-yil avgustidan O‘zbekistonda Marion Biotech dori vositalari, jumladan, “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilgan kamida 68 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Sudda 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ishtirok etdi.

Gazeta.uz “Dok-1 Maks” ishi ko‘rilgan sud zalidan tayyorlangan xabarlarni havolaga to‘plagan.