Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi oylarda xorijga oltin sotishni sezilarli darajada kamaytirgan.

Aprel oyida markaziy banklarning oltin-valyuta zaxiralari 33 tonnaga oshgan, fevral oyida bu ko‘rsatkich 27 tonna edi. Qimmatbaho metallarni xarid qilish hajmi mart oyiga nisbatan birmuncha pasaygan — 39 tonnadan 36 tonnaga, sotish esa 12 marta — 36 tonnadan 3 tonnaga qisqargan.

Asosiy xaridor 8 tonna bilan Turkiya bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston va Hindiston (har biri 6 tonna).

Qimmatbaho metall sotishning sezilarli pasayishi O‘zbekiston va Iordaniya hisobiga yuz bergan — ularning zaxiralari bor-yo‘g‘i 1 tonnaga kamaygan, bu fevral va mart oylaridagidan ancha kam. O‘zbekiston shu oylarda 23 tonna oltin sotgan.

May oyida sof xarid hajmi 10 tonnani tashkil etgan. Talab biroz pasaygan (23 tonna), sotish esa keskin oshgan (12 tonna).

Qimmatbaho metalning ushbu oydagi eng yirik xaridori 10 tonna bilan Polsha bo‘lgan. Undan keyin Turkiya (6 tonna) va Hindiston (4 tonna) bor. Qozog‘iston asosiy sotuvchi bo‘lib, 10 tonna oltin sotgan.

Yil boshidan buyon O‘zbekistondan sof sotilgan oltin hajmi (sotish va sotib olish o‘rtasidagi farq) qariyb 15 tonnani tashkil etdi, bu Filippindan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel va may oylarida O‘zbekiston umumiy qiymati 1,53 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Ikki oy ichida Markaziy bank zaxiralaridagi oltinning jismoniy hajmi atigi 0,02 million troy unsiyaga (622 kg) — 11,42 million troy unsiyagacha (356,45 tonna) qisqargan.

2023-yilda O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqqan. Oltinning sof savdosi 25 tonnadan ortiqni tashkil etib, birinchi o‘rinni egallagan Qozog‘istondan ikki barobar kam ko‘rsatkichni qayd etgan.