Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Hatras okrugidagi diniy yig‘inda yuz bergan tiqilinchda kamida 121 kishi halok bo‘ldi, 31 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Fojia Phulrai Mughal Garhi qishlog‘ida sodir bo‘lgan, u yerda o‘n minglab odamlar voiz Bhole Babani tinglash uchun to‘plangan. Politsiya hisobotiga ko‘ra, ruxsat etilgan sig‘im 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa ham, yig‘inda 250 mingga yaqin odam qatnashgan.

Shifokorlarning agentlikka aytishicha, o‘limlarning aksariyatiga bo‘g‘ilish sabab bo‘lgan. Qurbonlar orasida 112 ayol va yetti bola bor.

Reuters va AP agentliklarining ta’kidlashicha, olomon ketayotgan voizning orqasidan yugurib, unga teginishgan. Ularning ko‘pi loyga botib, yerga yiqilib tushgan, oqibatda oyoqlar ostida qolib ketgan.

“Men ayollarning dahshatli qichqirig‘ini eshitdim, chiqish joyi yaqinidagi yerda jasadlar yotardi. Qo‘rqib ketdim, qochdim va qizimga telefon qila boshladim”, — dedi jarayonda qatnashganlardan biri Reuters agentligiga. Uning qizi vafot etgan.

Hatras okrugi bosh inspektori Shalab Matur uchrashuv yopiq chodirda o‘tkazilganini aytdi, deb xabar bermoqda Hindustan Times. “Hammasi yopiq binoda sodir bo‘ldi va, aftidan, odamlarga havo yetmay qoldi. Ular imkon qadar tezroq chiqib ketishga harakat qildi, bu esa tiqilinchga sabab bo‘ldi”, — deb tushuntirdi u.

Politsiya, shuningdek, voqea sodir bo‘lgan kuni havo juda issiq va nam bo‘lganini ta’kidladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari voqeadan so‘ng g‘oyib bo‘lgan voizni qidirmoqda.

Bu Hindistondagi diniy yig‘inda yuz bergan va ko‘p sonli qurbonlari bor birinchi tiqilinch emas, deya ta’kidlaydi Reuters. 2005-yilda Vay shahridagi Mandxardevi ibodatxonasida 265 dan ortiq odam halok bo‘lgandi, 2008-yilda esa kamida 250 kishi Rajastandagi Chamundagar ibodatxonasida tiqilinch qurboni bo‘lgan.