AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris amaldagi davlat rahbari Jo Bayden saylovoldi poygasidan chiqishga qaror qilsa, uning o‘rniga eng yaxshi muqobil nomzod hisoblanadi, deb yozdi Reuters Bayden kampaniyasidagi yetti yuqori martabali manba, Oq uy va Demokratik partiya milliy qo‘mitasiga tayanib.

Baydenning respublikachi raqibi Donald Tramp bilan birinchi debatdagi falokatli chiqishi Demokratik partiya ichida tanqid bo‘roni va vahimaga sabab bo‘ldi. Ko‘pgina demokratlar Bayden ikkinchi muddatga “noloyiq” bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqmoqda.

Biroq debatdan so‘ng Baydenning saylovoldi kampaniyasi siyosatchi prezidentlik poygasidan voz kechish niyatida emasligini bildirdi.

Harrisdan tashqari, ba’zi nufuzli demokratlar Baydenga boshqa muqobil variantlarni, jumladan, Kaliforniyadan Gevin Nyusom, Michigandan Gretxen Uitmer va Pensilvaniyadan Josh Shapiro kabi mashhur demokrat gubernatorlarni taklif qildi. Ammo, agentlik manbalariga ko‘ra, “Harrisdan o‘tishga urinish — xomxayol va deyarli imkonsizdir”.

Reuters manbalarining ta’kidlashicha, agar 59 yoshli Harris partiyadan nomzod bo‘lsa, u Baydenning saylovoldi kampaniyasi natijasida yig‘ilgan mablag‘larni va “uning infratuzilmasini meros qilib oladi”. Ularning ta’kidlashicha, Harris, shuningdek, nomzod sifatida jiddiy ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan demokratlar orasida eng katta nom va eng yuqori reytingga ega.

Bundan tashqari, vitse-prezident lavozimini egallagan birinchi ayol (va birinchi qora tanli) Harrisdan o‘tishga urinishlar qora tanli va ayol saylovchilarning noroziligiga sabab bo‘ladi, dedi bir necha demokrat strateglar.

Reuters va Ipsos tadqiqot agentligi 2-iyul kuni o‘tkazgan so‘rovnomada Harris Trampdan bir foiz punktga, ya’ni 42−43 ballga ortda qoldi. Bu statistik jihatdan Baydennikidek kuchli, deya ta’kidladi nashr.

Harrisning o‘zi Bayden debatidan so‘ng amaldagi prezidentni himoya qilib chiqdi. “Bu sekin boshlanish, ammo kuchli yakun bo‘ldi”, — dedi u CNN`ga. Siyosatchi, shuningdek, saylovlar munozara uslubiga emas, balki “mohiyat"ga bog‘liq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

The New York Times manbalariga tayanib yozishicha, Bayden o‘zi duch kelayotgan muammodan xabardor va keyingi chiqishlari yaxshi o‘tishi kerakligini tushunadi. Nashrning yozishicha, Bayden o‘zining asosiy maslahatchisiga agar yaqin kunlarda jamoatchilikni qayta saylanishga tayyor ekaniga ishontira olmasa, nomzodini saqlab qola olmasligini aytgan.

Bir kun avval Bayden Trampga qarshi bahs muvaffaqiyatsiz yakunlanganini tan olgandi, biroq buni iyun oyida ikki xorijiy safari — Fransiya va Italiyadagi charchoq bilan izohladi.

“Gap shundaki, bilasizmi, men unchalik aqlli emas edim. Men munozaradan oldin… 100 ga yaqin vaqt mintaqasini qamrab olgan holda bir necha marta dunyo bo‘ylab sayohat qilishga qaror qilgandim. Men xodimlarimga quloq solmadim, qaytib keldim va sahnada deyarli uxlab qoldim”, — dedi Bayden.

“Bu uzr emas, balki tushuntirish”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Reuters agentligining qayd etishicha, Bayden so‘nggi safaridan 15-iyun kuni qaytgan va bahs oldidan so‘nggi haftada Kemp-Devid qarorgohida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgan.

  • Bayden va Tramp o‘rtasidagi ilk saylovoldi debati 27-iyun kuni Jorjiya shtatining Atlanta shahridagi CNN studiyasida bo‘lib o‘tdi. Telekanal tomoshabinlarining 67 foizi respublikachi, 33 foizi esa demokrat g‘alaba qozonganiga ishongan.
  • AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bayden va Tramp bu lavozimga asosiy da’vogarlar bo‘lishi kutilmoqda.