Qozog‘istonning Ostona shahriga amaliy tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Mirziyoyev “O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani” uchun Xitoy rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Xabarda aytilishicha, hukumatlar, parlamentlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgan. Yil yakuniga qadar TIV rahbarlari strategik muloqotining ikkinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Yaqin kunlarda Xitoy parlamentining yuqori darajadagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Davlatlar rahbarlari o‘tgan yili 14 milliard dollarga yetgan tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

“Investitsiya loyihalarining joriy portfeli 50 milliard dollardan oshgan. Shu yil boshidan buyon mamlakatimizda 3 milliard dollardan ziyod Xitoy sarmoyasi o‘zlashtirilib, 500 dan ortiq yangi qo‘shma korxona tashkil etildi”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetika sohalarida strategik hamkorlik dasturlarini qabul qilishni jadallashtirishga kelishib oldi.

Yaqinda Jizzax viloyatida O‘zbekiston-Xitoy texnoparki ishga tushirilgani va mintaqada ilk bor BYD elektromobillari ishlab chiqarila boshlangani qayd etildi.

Rahbarlar hududlararo almashinuvlar faollashganini yuqori baholadi. Xususan, yil boshidan buyon O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurgan, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Anxoy, Szyansi, Szyansu, Chjetszyan, Shandun, Shensi va Shanxay muzofotlari delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘lgan. Pekin, Urumchi va boshqa bir qator shaharlarda savdo uylari ochilgan.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yetakchilar kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi o‘tkazilishini belgilab olgan.

O‘zbekiston prezidenti XXR raisi kambag‘allikka qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidladi. Bu muhim yo‘nalishda tajriba almashish bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilish taklifi bildirildi, deb yozdi PMX.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transport bog‘liqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston tomonining “yagona Xitoy” siyosatini qo‘llab-quvvatlash va “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

BMT, SHHT, “Markaziy Osiyo — Xitoy” formati va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlik davom ettiriladi. Mirziyoyev XXR yetakchisiga SHHTga raislik davrida muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda, shuningdek, turizm, ilm-fan, ta’lim, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yaqinda Toshkentda Markaziy Osiyodagi Konfutsiy institutlari forumi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonda Xitoy oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish, Xitoyning professional ta’lim tizimi — “Lu Ban ustaxonasi”ni keng joriy etish rejalari belgilandi. Ikkinchi Ta’lim forumini kelgusi yilda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Si Szinpinni mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.