Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, deb xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati (video).

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Jamshid Egamberdiyevning aytishicha, 2023-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida kosmik texnologiyalarning joriy etilishi tufayli 47 mingga yaqin qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Natijada davlatga tushishi mumkin bo‘lgan daromadlar hajmi 265 milliard so‘mni tashkil etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralarining mudofaa va xavfsizlik sohasida kosmik suratga olish va uning tahliliga bo‘lgan talabi yil sayin ortib bormoqda. Agar 2022-yilda ular 2,5 million gektar maydondagi obyektlar va hududlarning suratlari va tahlillarini qabul qilgan bo‘lsa, 2023-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 4,5 barobarga oshgan va 11 million gektarga yetgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6,5 barobar oshishi kutilmoqda.

Bugungi kunda kosmik faoliyat tamoyillari, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sohaga mas’ul organlar, ularning sohani tartibga solish bo‘yicha vakolatlari va vazifalarini belgilab beruvchi qonun yo‘q.

Kosmik faoliyatning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishni jadallashtirishdan iborat.

Hujjatni ishlab chiqishda 16 davlatning ushbu sohadagi qonunlari o‘rganilgan, u, shuningdek, BMTning kosmik faoliyatga oid hujjatlariga muvofiq yaratilgan.

Kosmik faoliyatni amalga oshirishda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid yaratish, ommaviy qirg‘in qurolini kosmik fazoga chiqarish, kosmosga joylashtirish yoki bunday qurollarni sinovdan o‘tkazish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish uchun kosmik texnologiyalardan va (yoki) osmon jismlaridan foydalanish hamda fazoni ifloslantirish bo‘yicha xalqaro normalar va standartlarni buzish qat’iyan man qilinmoqda.

Kosmik sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • kosmik xizmatlarning milliy bozorini yaratish va rivojlantirish;
  • kosmik obyektlarni yaratish va ulardan foydalanish;
  • sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirish;
  • Yerni kosmik apparatlar orqali zondlash, sohalarda kosmik monitoringni amalga oshirish.

Bundan tashqari, xorijiy jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan kosmik obyektlarni koinotga uchirish yoki ularni O‘zbekiston havo hududidan foydalangan holda Yerga qaytarishda mudofaa va ekologiya sohasidagi vakolatli organlar bilan kelishish shartligi belgilandi.

Kosmik obyektning uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar nobud bo‘lsa, shuningdek, fuqarolar va atrof-muhitga zarar yetkazilsa, kosmik faoliyat subyektlariga yetkazilgan zarar Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda qoplanadi.

Qonun loyihasi kosmik sohani tartibga solishga va unga huquqiy maqom berishga, kosmik faoliyat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni boshqarishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, tinchlik va xavfsizlikni saqlash kabi masalalarni hal qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Deputatlar hujjatni birinchi o‘qishda qabul qildi.

“O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori Shuxrat Kadirov O‘zbekistonning kosmosni, jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967-yil 27-yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ham taqdim etdi.

2024-yil boshida ushbu shartnoma 114 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shartnoma koinotning huquqiy maqomi asoslarini hamda kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishni ta’minlovchi xalqaro qoidalar va tamoyillarni belgilaydi.

Ta’kidlangishicha, mazkur shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etishi, boshqa davlatlar bilan resurslar va bilim almashishi uchun imkoniyat ochadi. Ratifikatsiya O‘zbekiston kosmik huquq tizimini rivojlantirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, u mamlakatlarga o‘z resurslarini birlashtirish va kosmik loyihalarda birgalikda ishlash imkonini berishi kerak.

Shartnoma koinotda ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni va koinotdan harbiy maqsadlarda foydalanishni taqiqlaydi. Shartnomani ratifikatsiya qilish koinotni harbiylashtirish xavfini kamaytirishga va koinotdan tinch maqsadlarda foydalanishga xizmat qiladi.

Deputatlar shartnomani ratifikatsiya qilishni ma’qulladi.