Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida 3-iyul kuni Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar turli darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani, o‘zaro savdo va yuk tashish hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhim ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, yetakchilar joriy yilda hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib oldi.

Shuningdek, Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlandi. Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.