Toshkentning Yunusobod tumanida tunda suv quvurida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish bo‘yicha yer osti ishlari yakunlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ko‘chalarni suv bosishi oqibatida 2300 kvadrat metr asfalt qoplamasi shikastlangan. Uni qayta tiklash ishlari Grand Road Tashkent kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun uch kun ajratilgan.

Suv bosgan hovlilardan suv ketgan, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida suv deyarli qolmagan.

Uylarga suv ta’minoti tiklangan, biroq yerto‘lalar va kommunikatsiyalar o‘tkazilayotgan hududlar haligacha nam bo‘lgani uchun elektr ta’minoti hozircha ulanmagan.

“Gazeta.uz” Yunusoboddan foto va videoreportajlarni e’lon qilgandi. Rasmiylar holatni qozonxonaning qisqa muddat ishlamay qolgani, oqibatda suv quvurlarida bosim oshgani bilan izohlagan.