3-iyul kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 1200 mm katta suv o‘tkazgich tarmog‘ida nosozlik vujudga keldi, deb xabar bermoqda “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ axborot xizmati.

Gap Moyqo‘rg‘on va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasidagi tarmoq haqida ketmoqda. Holat oqibatida tumandagi katta suv ko‘chalarni suv bosdi.

Tiklanish mahallasi 1,2,3,4,5,6-tor ko‘chalari, G‘ishtqo‘rg‘on ko‘chasi, Astrobod mahallasi, Turkiston, Sobirobod mahallalari, Zenit zavodi, Prokuratura akademiyasi, Pivo zavodida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

Shu bilan birga, ushbu hududda joylashgan muassasa, korxona va tashkilotlarda ham suv bo‘lmaydi, deya qo‘shimcha qildi korxona. Suvsiz qolgan manzillarga maxsus texnikalarda suv yetkaziladi.

“Toshshahartransxizmat”ning ma’lum qilishicha, Yuqori Qoraqamish va Moyqo‘rg‘on ko‘chalarida suv quvuri yorilib toshgani tufayli avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanmoqda.

Mazkur ko‘chalardan harakatlanuvchi 6, 24 va 142-sonli avtobus yo‘nalishlarining qatnov va oraliq interval vaqtlari reja asosida tashkil etilishida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin, deya ogohlantirdi kompaniya.