Andijon shahrida 2-iyul boshlab 1-sonli “Gulshan MFY — Andijon shahar shifoxonasi” avtobus yo‘nalishi brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishga 20 dona avtobus biriktirilgan bo‘lib, qatnov oraliq intervali 10 daqiqani tashkil etadi.

Shu munosabat bilan, yo‘lovchilarning avtobuslarga chiqishi va tushishi qat’iy tartibda oraliq bekatlaridan amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangan. Haydovchilarga tegishli yo‘riqnomaga asosan faqat bekatlarda yo‘lovchi olish va tushirishi, qat’iy jadval asosida harakatlanishi, yo‘lovchi bor yoki yo‘qligidan qat’iy nazar har bir bekatlarda to‘xtab o‘tishi lozimligi tushuntirilgan.

Yangi tizimga muvofiq tashuvchi bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlari asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi lozim. Tez orada yana 3 ta shahar avtobus yo‘nalishi bosqichma-bosqich ravishda ushbu tizimga o‘tkaziladi.

Brutto-shartnomalar yo‘lovchi tashishni tashkil etish modeli bo‘lib, unda barcha tushumlar shahar budjetining maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi va shahar ma’muriyati tashuvchiga yo‘nalishlar bo‘yicha tashuvlarni amalga oshirgani uchun bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda ularning sifatini nazorat qilish sharti bilan haq to‘laydi. Bu haqda “Gazeta.uz” batafsil yozgandi.