Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi, deb xabar bermoqda Belarus prezidentining sayti. Bu haqdagi qaror 4-iyul kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan yig‘ilishida imzolandi.

Belarus SHHTning 10-a’zosi bo‘ldi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Xitoy va Pokiston tashkilotda bunday maqomga ega.

“Belarus Respublikasining SHHTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Hurmatli Aleksandr Grigorevich (Lukashenko, Belarus prezidenti — tahr.), sizni chin qalbimdan tabriklayman. Ishonchim komilki, bugungi kun Belarus tarixida yorqin sahifa bo‘lib qoladi”, — dedi sammitga raislik qilgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev.

U Belarus SHHT makonida xavfsizlikni mustahkamlashga o‘zining muhim hissasini qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Aleksandr Lukashenko shunday dedi: “Muvaffaqiyatli raislik faoliyatingiz uchun rahmat, bu kun Belarus tarixiga mamlakatimiz SHHTga a’zo bo‘lgan kun sifatida kiradi”.

“Ishonchimiz komilki, XXI asrda chinakam va bo‘linmas global xavfsizlikni barpo etish zarur. Shu bilan birga, global ko‘pchilik mamlakatlari tashabbusni o‘z zimmasiga olishi kerak, chunki o‘ziga bino qo‘ygan, xudbin G‘arb bunga qodir emas. U yerda bugun mas’uliyatli qarorlarni mustaqil qabul qila oladigan yetakchilar yo‘q”, — dedi u.

Belarus hamkorlar uchun ushbu eng dolzarb sohadagi tashabbuslarini moslashtirishga harakat qiladi, deb ishontirdi Aleksandr Lukashenko.