UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobili uchun 5-iyul kuni soat 10:00 da kontraktatsiya ochilishini ma’lum qildi.

Shartnoma berish avvalgi kontraktatsiyada to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan, jumladan, bekor qilingan hajmlar sababli ochilmoqda.

Avtomobillarni xarid qilishda shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Telegram bot hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.

UzAuto Motors avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozimligini eslatib o‘tdi.

21-iyun kuni savdo.uzavtosanoat.uz saytida 25 ming dona Cobalt uchun 24 931 ta shartnoma tuzilgan. 69 ta shartnoma yuridik shaxslar ulushiga to‘g‘ri kelgan.

“Onlayn kontraktatsiya jarayonida UzAutoSavdo tizimida 56 ta kiberhujum amalga oshirildi, bu esa platforma faoliyatida uzilishlarga olib keldi. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida saytga tashrif buyuruvchilar soni yuqoriligi kuzatildi. Xususan, platformada daqiqasiga 100 mingdan ortiq foydalanuvchi bo‘lgan”, — deyiladi kompaniya xabarida.