Siyosat
“Kobul bilan muloqotni saqlash butun mintaqa manfaatlariga mos. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda” — O‘zbekiston prezidenti
Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitidagi nutqida “Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik” kodeksi, ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida hamkorlikning “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish, savdoni soddalashtirish bitimini ishlab chiqishni taklif qildi. “SHHT-Afg‘oniston” muloqotini tiklash muhimligi ta’kidlandi.
Maktabgacha ta’lim agentligi tugatildi
Prezident farmoni bilan, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi. Uning tuzilmasidagi tashkilotlar va qo‘shimcha funksiyalar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev Hindiston prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev Hindistonda diniy yig‘indagi tiqilinch oqibatida 120 dan ortiq odam halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakat prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga 95 tonna insonparvarlik yordamini yubordi
O‘zbekiston Qirg‘izistonning seldan zarar ko‘rgan O‘sh viloyati uchun 95 tonnali insonparvarlik yordamini yubordi. Uning tarkibida un, o‘simlik moyi, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar bor. Sel oqibatida hududda bir necha kishi vafot etgandi.
O‘zbekiston ShHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni “qayta ishga tushirish"ni taklif qildi
O‘zbekiston prezidenti “ShHT plyus” formatidagi yig‘ilishda nutq so‘zladi. U ShHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni qayta ishga tushirish va iqlim sohasidagi hamkorlikni tashkilot yangi kun tartibining eng muhim qismiga aylantirishni taklif qildi.
Iqtisodiyot
UzAuto Motors 5-iyul kuni Cobalt uchun yana kontraktatsiya ochadi
5-iyul kuni soat 10:00 da UzAuto Motors belgilangan muddatda to‘lov qilinmagani tufayli avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan Cobalt avtomobillari kontraktatsiyasini qayta ochadi.
“Tashabbusli budjet"ning ikkinchi mavsumi 6-iyuldan boshlanadi
“Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi 6-iyuldan boshlanadi. Loyihalarni 26-iyulga qadar kiritish mumkin. Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
“O‘zbekneftgaz” shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neft zavodi qanchaga sotilgan?
“O‘zbekneftgaz” UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodini Daniyar Kamilov kompaniyasiga 519 mlrd so‘mga (42,3 mln dollar) sotgan bo‘lishi mumkin. Davaktiv va “O‘zbekneftgaz” haligacha kelishuv tafsilotlari haqida ma’lumot bermadi.
Retseptsiz beriladigan dorilar va tibbiy texnika narxiga nisbatan cheklovlar olib tashlanadi
2017-yilda joriy etilgan tibbiy texnika va retseptsiz beriladigan dorilarga nisbatan narx cheklovi bekor qilinadi. Hozir cheklangan ustama distribyutorlarga 15%, dorixonalarga 20% ni tashkil etadi, u faqat retsept bo‘yicha beriladigan dorilar uchun qoladi. Shuningdek, farmkorxonalar QQS to‘lovchiga aylanadi.
Andijon viloyati prokurori “Hududgazta'minot” AJ rahbari bo‘ldi
Andijon viloyati prokurori sifatida ishlab kelayotgan Marufxon Xodjayev “Hududgazta'minot” AJning yangi rahbari bo‘ldi. Kompaniya ochilganidan buyon unga Bahodir Eshmuratov raislik qilib kelayotgandi.
Markaziy bank esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlari uchun tanlov e’lon qildi
“Davlat belgisi” DUK tomonidan esdalik tangalari va suvenir to‘plamlari dizaynlarining tanlovi e’lon qilindi. Komissiya dizayn loyihalarini o‘rganib chiqib, 15 ta g‘olibni tanlab oladi. 1-o‘rin uchun 20 mln, 2-o‘rin uchun 15 mln, 3-o‘rin uchun 10 mln va 4−15 o‘rinlarga 3 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.
“Lukoyl” shu’ba korxonasiga nisbatan narx manipulyatsiyasi alomatlari bilan ish ochildi
Raqobat qo‘mitasi Lukoil Overseas Supply and Trading kompaniyasiga nisbatan ish ochdi. Qo‘mita birja orqali mahsulotlarni sotishda texnik oltingugurt narxi manipulyatsiyasi alomatlarini aniqladi, buning ortidan uning narxi o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha ko‘tarilgan.
Raqobat qo‘mitasi lift importi muammosini hal etishni so‘rab hukumatga murojaat qildi
Raqobat qo‘mitasi lift importi muammosini hal qilish uchun hukumat va Geologiya vazirligiga takliflar kiritdi. Xususan, tadbirkorlarning bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifikatini tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazish xizmatlari bozoriga xususiy sektorni jalb qilish taklif etilmoqda.
Jamiyat
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lish kerakligi belgilandi
Umra tadbirlarini tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravari miqdorida boj to‘lash kerak. Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
Buxoroda to‘yi bo‘lgan 16 yoshli o‘g‘il va 17 yoshli qizning ota-onalari jarimaga tortildi
Buxoroda to‘yi bo‘lgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari jarimaga tortildi. Bolalar ombudsmani nikoh yoshi talabining buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy kamol topish huquqlariga mutlaqo zidligini aytdi. Yil boshidan buyon sudlar tomonidan bu bo‘yicha 125 ga yaqin ish ko‘rib chiqilgan.
Tojikistondagi YTH oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Xo‘janddan Dushanbe shahri tomon harakatlangan Nexia 2 avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda uch nafar o‘zbekistonlik fuqaro — mashina haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi.
Toshkentda tundagi janjal oqibatida 5 kishi jarohatlandi
Sergeli tumanida o‘zaro tanish bo‘lgan fuqarolar og‘zaki kelishmovchilik sabab janjallashdi. Tarmoqlardagi videoda voqea ishtirokchilaridan biri avtomobilni odamlar ustiga haydagani aks etgan. Oqibatda 5 kishi jarohat oldi, holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ushlandi.
Andijonda ham avtobus yo‘nalishlarida kunlik reja bekor qilinmoqda
Andijonda 2-iyuldan boshlab 1-sonli avtobus yo‘nalishi brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazildi. Bu bilan kunlik reja bekor bo‘lib, hisob-kitob bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlaridan kelib chiqib qilinadi. Tez orada yana 3 ta shahar avtobus yo‘nalishi bosqichma-bosqich ushbu tizimga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sport
O‘FA Parij-2024 o‘yinlariga boradigan futbolchilar tarkibini e’lon qildi
O‘zbekistonning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga boradigan tarkibidan 23 nafar futbolchi joy oldi, ularning soni bittaga kamayishi mumkin. Shuningdek, tarkibda 3 nafar 23 yoshdan katta futbolchi — Eldor Shomurodov, Oston O‘runov va Husniddin Aliqulovlar bor.
Hujumkor futbol yoki ehtiyotkor o‘yinlar — Yevro-2024 chorak finalida bizni nimalar kutmoqda?
Yevropa chempionatining chorak finali katta ehtimol bilan qaysi terma jamoa mutlaq favorit ekanini aniqlab berishi mumkin. Joriy bosqichdan sensatsiya kuta olamizmi-yo‘qmi, keling, imkoniyatlarni ko‘rib chiqamiz.
Jahon
Belarus SHHTning 10-a'zosiga aylandi
Belarus Shanxay hamkorlik tashkilotining 10-to‘laqonli a’zosiga aylandi. Qaror SHHTning Ostonadagi sammitida ma’qullandi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!