Toshkent shahrida 2024-yil oxirigacha dori vositalariga elektron retseptlar berish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 4-iyul kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov ma’lum qildi.

U prezident aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida elektron retseptlarga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berganini esladi. Toshkentda davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bilan to‘ldiriladigan tajriba o‘tkazilgan.

“Rivojlangan mamlakatlardagidek biz elektron retseptura tizimiga o‘tishimiz kerak. Bu bo‘yicha raqamlashtirish texnologiyasi hozir yo‘lga qo‘yilib, Toshkent shahrida eksperiment qildik… Bu yil Toshkentda bo‘ladi”, — dedi vazir.

Tibbiy sug‘urta ishga tushirilgach, bemorlar dori vositalarini nafaqat “Dori-darmon” davlat dorixonasidan, balki istalgan xususiy dorixonadan elektron retseptda ko‘rsatilgan narxlarda xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash loyihalari markaziga yuboriladi va ular asosida farmatsevtika mahsulotlari uchun to‘lovlar reimbursatsiya sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Reimbursatsiya tizimi bemorga oilaviy shifokor tomonidan beriladigan elektron retsept asosida dori vositalarini (kafolatlangan paketga kiritilgan) bepul olish imkonini beradi. Dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan shartnoma tuzadigan dorixonalar tomonidan chiqariladi.

Vazirning ta’kidlashicha, elektron retseptlar tufayli tadbirkorlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi.

Bundan tashqari, ushbu tizim “juda ko‘p asossiz va keraksiz dori-darmonlarni” retseptlashning oldini oladi.

“Polipragmaziya (bir vaqtning o‘zida bir nechta dori vositalari yoki tibbiy muolajalarni buyurish — tahr.) tufayli aholiga juda nokerak dori-darmonlar yozib berilyapti. Elektron retseptura bo‘lsa, platformada shu narsalar bo‘ladi: qon bosimi ko‘tarilganda qaysi standart bo‘yicha qaysi dorilar ishlatilishi kerak? Undan ortiqchasi bo‘lsa, vrach ham qo‘lga tushadi, aptekachi ham qo‘lga tushadi”, — deydi Xudayarov.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda qonuniy va ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari umumiy ma’lumotlar bazasida shakllantirilgani sababli tizim kontrabanda farmatsevtika mahsulotlari sotilishini aniqlaydi.

“Og‘ir bo‘ladi ko‘pchilikka, lekin biz bu yo‘ldan qaytmaymiz”, — deya xulosa qildi SSV rahbari.

Yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida yangi muassasa — Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tashkil etilgandi. Loyiha ofisi davlat-xususiy sheriklik uchun xususiy sektorni jalb qilishi va farmatsevtika sektorini isloh qilishi kerak.

Yil oxiriga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron statsionar” tizimlarini ham joriy etish rejalashtirilgan.