Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida bir qancha fuqarolar janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirlarda odamlarning shovqin-suroni va so‘kingani, ayrimlari boshqalarining ortidan quvganini ko‘rish mumkin. Voqea ishtirokchilaridan biri esa avtomobilni odamlar ustiga haydagan.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat 3-iyul kuni taxminan soat 23:00 atrofida tumanning Qo‘yliq-5 dahasida sodir bo‘lgan. O‘zaro tanish bo‘lgan bir nechta fuqarolar — K.F., B.A., T.J., F.R. va I.U. og‘zaki kelishmovchilik sababli janjallashib ketishgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, janjalda to‘rt kishi — 47 yoshli T.J., 22 yoshli F.R., 20 yoshli I.U. va 19 yoshli B.P. jarohatlangan. Voqea soat taxminan 19:00 atrofida 19 yoshli B.P.dan unga oldindan tanish bo‘lgan K.F. hech qanday sabablarsiz 1 mln so‘m pul talab qilganidan boshlangan.

Holatni jabrlangan yigit o‘zining uch nafar tanishiga yetkazgan va ular BYD Song Plus avtomobilida kelgan. Shu yerda bo‘lgan K.F. va B.A. hamda hozirda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan 3 nafar shaxs jabrlanuvchilardan 1 mln so‘mni hech qanday arzigulik sabablarsiz talab qilgani sababli o‘zaro janjallashgan va pul talab qilgan. So‘ngra ular to‘rt nafar jabrlanuvchi tanasining turli joylariga tan jarohatlari yetkazgan.

Pul talab qilgan shaxslar jarohat olgan jabrlanuvchilar qochish uchun avtomashinada harakatlangan payti faol qarshilik ko‘rsatgan. Avtomashinaning turli yerlariga qo‘l va oyoqlari bilan zarba berib, avtomashinani nosoz holatga keltirgan.

IIB xodimlari K.F.ni yashash xonadonidan hodisa sodir bo‘lgan yerga chaqirganda u takroran IIB xodimlarining talablariga bo‘ysunmasdan yonida bo‘lgan “pakki” pichog‘i bilan o‘ziga va boshqalarga tan jarohati yetkazish bilan qo‘rqitgan. Shu yerda bo‘lgan xodimlarga oldiga kelmaslikni aytib, agarda kelsa, pichoq bilan tan jarohati yetkazishini bildirib, IIB xodimlariga turli haqoratomuz so‘zlarni aytgan.

So‘ng o‘zining bo‘yin sohasi o‘ng tomoniga pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. IIB xodimlarining sa’y-harakatlari bilan uning qo‘lidagi pichoq olib qo‘yilgan.

Holat yuzasidan gumondor shaxslar ushlanib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.