Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistonga lift importi bilan bog‘liq muammoga munosabat bildirdi.

Mart oyining oxirida tadbirkorlar O‘zbekistonga lift olib kirishda muammolarga duch kela boshlagandi. Ma’lum bo‘lishicha, importyorlarning uch yillik muvofiqlik sertifikatlari hukumat topshirig‘iga ko‘ra to‘xtatilib, ular o‘z tovarlarini bojxona chegarasidan o‘tkaza olmay qolgan.

Oliy Majlis Senati iyun o‘rtalarida senatorlarning aralashuvidan so‘ng muammo hal qilingani haqida xabar bergan edi. Senat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi respublikada sanoat mahsulotini (lift, eskalator, gaz ballon, isitish qozonlari) sertifikatlashtirish bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan yagona organ hisoblanadi.

Muassasa akkreditatsiyasining amal qilishi to‘xtatilgani sababli O‘zbekiston muvofiqlikni baholash uchun faoliyat yurituvchi va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organisiz qolgan, bu esa tadbirkorlarning sarson bo‘lishiga olib kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, bojxona omborlarida bo‘lib turgan, 47 korxona tomonidan olib kelingan 332 ta lift va eskalatorlarning umumiy qiymati 9,5 mln dollarni tashkil etgan.

Raqobat qo‘mitasi lift import qiluvchilar muammosini hal etish yuzasidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasiga o‘z takliflarini kiritgan:

  • vakolatli organ tomonidan bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifikatini istisno tariqasida tiklash;
  • mavjud bo‘lgan sinov laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun (lift, lift uskunalari va eskalatorlarni sinovdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan sinov minoralari va asbob-uskunalarni olib kirish) chet el grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rish;
  • liftlarni sinovdan o‘tkazish va muvofiqlik sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar bozoriga xususiy sektorni keng jalb qilish choralarini ko‘rish;
  • sertifikatlash jarayonida bir shartnoma doirasida olib kelinayotgan marka va modeli bir xil bo‘lgan lift tovarlarini faqatgina bir nusxasini sinovdan o‘tkazish orqali ularga bitta muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish amaliyotini joriy qilish.