Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi shu’ba korxonasi bo‘lgan Lukoil Overseas Supply and Trading (Kipr) korxonasiga nisbatan ish ochdi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Xususan, qo‘mita tomonidan kompaniya birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlarini sodir etgani va bu mahsulot narxlari oshishiga olib kelgani alomatlari aniqlangan. Oqibatda birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlari o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshgan.

Kompaniyaga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan nizomni buzganlik belgilari bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Iyun oyida texnik oltingugurtning birja narxi juda o‘zgaruvchan bo‘lgandi. Agar 10-iyun kuni auksionga qo‘yilgan mahsulot hajmi 1435 tonna bo‘lgan holda tonnasi 220,9 ming so‘mga sotilgan bo‘lsa, 20-iyun kuni bir tonnasi 276,6 ming so‘mga (hajmi — 5271 tonna) ko‘tarilgan.

28-iyun kuni narx 52 ming so‘mgacha pasaygan (hajmi — 20 tonna), keyingi savdo sessiyasida esa bir tonna uchun 280 ming so‘mga (5 ming tonna) oshgan.

Lukoil Overseas Supply and Trading LTD 2010-yil aprel oyida bir qator gaz konlarining mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish jarayonida qo‘shma mahsulotlarni sotish uchun marketing kompaniyasi sifatida tashkil etilgan. O‘zbekistonda texnik oltingugurt birja bozoriga 2015-yilda kirgan. Bugungi kunda kompaniya “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda texnik oltingugurt bozorida ustunlik qiluvchi korxonalar reyestriga kiritilgan.

Texnik oltingugurt o‘g‘itlar, pestitsidlar, rezina buyumlar, farmatsevtika, bo‘yoqlar, portlovchi moddalar va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Oltingugurt neft va gazni qayta ishlashda, qog‘oz, to‘qimachilik mahsulotlari va plastmassa ishlab chiqarishda ham ishlatiladi.