O‘zbekistonda tibbiy texnikalar va retseptsiz sotiladigan dori-darmonlarga nisbatan narx cheklovlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov 4-iyul kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi biznes vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida ma’lum qildi.

Tadbirkorlardan birining aytishicha, belgilangan tarif limiti tufayli dori-darmon va tibbiy texnika kontrabandasi “gullab-yashnamoqda”, QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilingandan so‘ng bozorda kontrabanda mahsulotlari yanada ko‘payib ketishi mumkin. Shuningdek, u dori vositalari millionlab tirajda, tibbiy asbob-uskunalar esa uzog‘i bilan 1000 dona sotilayotganiga e’tibor qaratdi.

2017-yildan boshlab ulgurji savdo (distribyutorlar) uchun cheklangan ustama bazaviy narxning 15 foizini, chakana savdo (dorixonalar) uchun xarid narxining 20 foizini tashkil qiladi. 2020-yilda dori-darmonlar narxlari referent narx belgilash tizimi doirasida ro‘yxatdan o‘tkazila boshlandi. Bu tartibga soluvchi organ tomonidan ishlab chiqarilgan va boshqa bir qancha mamlakatlarda ishlab chiqaruvchi mahsulot narxlarini taqqoslashdir. Davlat regulyatori xorijda ma’lum bir mahsulot uchun narx darajasini taqqoslab, sotuvchilarga undan oshib ketishini taqiqlab, bozor narxining chegarasini tanlash huquqiga ega.

Farmatsevtika agentligi rahbari Abdulla Azizovning aytishicha, bu taklif allaqachon prezident farmoni loyihasiga kiritilgan va Prezident administratsiyasida ko‘rib chiqilmoqda.

“Biz buni Moliya vazirligi bilan kelishib bo‘lganmiz. 15−20% li ustama faqatgina retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar uchun qoladigan bo‘ldi. [Ustama limiti] retseptsiz beriladigan dorilar uchun ham, tibbiy mahsulotlar uchun olib tashlanadi. Hammadan ruxsat olib bo‘lindi. 1−2 ta punkt bo‘yicha kelishish qoldi, mening kutishimcha, farmon 2−3 hafta ichida chiqishi kerak”, — dedi u.

Tadbirkor bozorda hamma uchun teng sharoit yaratish maqsadida soliqqa oid o‘zgarishlarni ham taklif qildi. Unga ko‘ra, hozirda ko‘plab xususiy klinikalar 4 foizlik aylanma solig‘i to‘laydi va o‘z aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmasligiga harakat qilmoqda.

Abdulla Azizovning aytishicha, bu taklif prezident farmoni loyihasida ham mavjud. 2025-yildan dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi barcha kompaniyalar QQS to‘lovchiga aylanishi rejalashtirilmoqda.