2-iyul kuni prezidentning “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Hujjatga bilan, Maktabgacha ta’lim agentligi faoliyati tugatildi. Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

Vazirlik zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi. Jumladan:

  • ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • maktabgacha ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;
  • maktabgacha ta’limning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta ta’lim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash;
  • davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning oxiridagi ma’muriy islohot davomida Maktabgacha ta’lim va Xalq ta’limi vazirliklari birlashtirilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil qilingandi. Unga Hilola Umarova rahbar etib tayinlangan, sobiq maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin esa vazirning birinchi o‘rinbosari — agentlik direktori bo‘lgandi.