Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni “ShHT plyus” formatining “Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash — barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish” mavzusidagi majlisida ishtirok etdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlaridan tashqari, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar rahbarlari hamda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etdi.

iqlim, savdo, shht, texnologiyalar

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida shunday ta’kidladi: “Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Global siyosiy va iqtisodiy „parchalanishlar“, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda. Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda”.

Bu muammolarni hal etishning yagona yo‘li, dedi u, umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish.

ShHT, Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, “soxta siyosiy va mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lgan keng ko‘lamli hamkorlikni o‘rnatishga intilayotgan ko‘plab mamlakatlarni o‘ziga tortadigan markaz” bo‘lib qolmoqda.

iqlim, savdo, shht, texnologiyalar

Shu bilan birga, uning qayd etishicha, yuzaga kelayotgan voqeliklar ShHT faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi strategik yondashuvlarni talab qiladi.

“Bugungi kunda o‘zining 25 yilligi arafasida turgan ShHT uchun uning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

“„Shanxay ruhi“ va xartiyaning asosiy tamoyillariga tayanib, tashkilot ichida birdamlik va jipslikni saqlash lozim. ShHT doirasida ishonch va do‘stlik muhitini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishni, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishni taklif qilaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Avvalo, xavfsizlikni ta’minlash masalalarida ShHT faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashimiz zarur. Tashkilot ta’sis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada o‘zgardi. Ekologik va tabiiy ofatlar, suv resurslari va oziq-ovqat taqchilligi, kiberhujumlar, suverenitet va iqtisodiy barqarorlikka putur yetkazishning yangi uslublari kuchayib borayotgan tahdidlardir. ShHT salohiyatini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqishda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha universal markazni tashkil etishdabularning barchasini inobatga olish zarur”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

U tashkilotning barcha davlatlari vakolatli organlari rahbarlari va ekspertlari ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus muloqoti"ni o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ShHT makonida tarqoqligicha qolayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish"ni taklif qiladi, dedi davlat rahbari. “Biz haliga qadar ko‘p tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yarata olmadik. Ancha vaqtdan buyon ShHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasi bo‘yicha konsensusga erishilmadi”, — dedi u.

“Biz bugun sammitda savdo jarayonlarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan, kelajak sanoat tarmoqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishga kelishib oldik”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

U ishbilarmonlar muloqoti uchun maydon yaratish maqsadida har yili tashkilot mamlakatlarida “ShHT EKSPO” xalqaro sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif qildi.

iqlim, savdo, shht, texnologiyalar

“Yangi geosiyosiy voqelik sharoitida mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimlarini shakllantirish zarurligiga ishonch hosil qilmoqdamiz, — dedi prezident. — Iqlim o‘zgarishi va ekologik fojialar kabi global muammolar tashkilotimiz e’tiboridan chetda qolib ketishi mumkin emas. Mamlakatlarimiz tabiiy ofatlar, tuproq degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligida hosildorlik pasayishi, havoning ifloslanishi, suv yetishmasligi kabi muammolar bilan tez-tez to‘qnash kelmoqda”.

“Iqlim muammolari bo‘yicha hamkorlik ShHT yangi kun tartibining muhim qismi bo‘lishi lozim, deb hisoblayman”, — dedi O‘zbekiston prezidenti. Shavkat Mirziyoyev “yashil” rivojlanish sohasida umumiy maqsad va vazifalarga erishish uchun aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik bo‘yicha bitim ishlab chiqish tarafdori bo‘ldi.

U Toshkentda ShHTning Iqlim muammolari bo‘yicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etishni taklif qildi. Markaz ekologik barqarorlik va “yashil” rivojlanish sohalarida tadqiqotlar olib boradi.

iqlim, savdo, shht, texnologiyalar

“Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o‘rinni egallashi lozim”, — dedi prezident.

Kelgusi yilda O‘zbekiston Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga hissa qo‘shish uchun Samarqandda BMT shafe’ligida Barqaror ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha global konferensiya o‘tkazadi.

Yakunda O‘zbekiston prezidenti ushbu sohalardagi loyihalarni tizimlashtirish va barcha manfaatdor tomonlarni jalb etgan holda birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladigan ShHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqishni taklif qildi.