Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati uning nutqini e’lon qildi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida Belarusning SHHTga qo‘shilish jarayoni yakuniga yetgani bilan tabrikladi. Bu o‘zaro sheriklikning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochishi qayd etildi. Shundan so‘ng u Qozog‘istonning SHHTga raisligi yakunlanayotganiga to‘xtalib, ushbu mamlakatning faoliyatini yuksak baholashini aytib o‘tdi.

афғоniстон, шавкат мирзиёев, шанхай hamkorlik tashkiloti

Prezident ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tayotganini bildirdi.

“Yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda. Xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillari tez-tez buzilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini yo‘qotdi”, — dedi u.

“Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir”, deya ta’kidlagan davlat rahbari tashkilot xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘lganini qayd etdi.

Prezident “Shanxay ruhi”ning quyidagi tamoyillarini saqlab qolish va sodiq bo‘lish muhimligini bildirdi, bular — o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining o‘zgarmasligi, tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, uning ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi va suverenitetini hurmat qilish.

афғоniстон, шавкат мирзиёев, шанхай hamkorlik tashkiloti

“Jahon aholisining 40 foizdan ortig‘i, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘prog‘i mamlakatlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Hech shubhasiz, ushbu beqiyos salohiyatni ro‘yobga chiqarish bizdan iqtisodiy sheriklikning yangi modellarini shakllantirishni va SHHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishni talab etadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident SHHT oldida 8 ta dolzarb vazifa turganini qayd etdi.

1. Umumiy xavfsizlikni ta’minlash.

Global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda, dedi davlat rahbari. Shu bois umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha ilgari surilgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarb, deya qo‘shimcha qildi u.

“SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz”.

2. Iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha strategik yuksalishga erishish.

O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 2023-yil yakunlari bo‘yicha 20 foiz, 2024-yil boshidan buyon esa yana 15 foizga o‘sgani keltirib o‘tildi.

“SHHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish mumkin”, — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, prezident transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etdi.

афғоniстон, шавкат мирзиёев, шанхай hamkorlik tashkiloti

3. Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash.

Eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, SHHT jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhimligi aytildi.

4. Inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish.

“Sharq-G‘arb” va “Shimol-Janub” yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini berishi ko‘rsatib o‘tildi.

“Alohida ta’kidlab aytaman: transport yo‘laklarining ko‘p variantli bo‘lishi — butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir”, — dedi u. Shuningdek, Logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlar chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

5. SHHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish.

O‘zbekistonda “yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilingani ta’kidlandi. Mamlakat yiliga 2 gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirayotgani, sanoat darajasida “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlangani haqida so‘z bordi.

Prezident qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

6. Jadallashtirilgan raqamli transformatsiya.

“Bizning fikrimizcha, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, “sun’iy intellekt”ni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida “SHHT kelajak texnologiyalari” dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz”, — deb aytdi prezident.

7. Ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida SHHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish.

Davlat rahbarining ishonch bilan aytishicha, aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030-yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘ladi.

афғоniстон, шавкат мирзиёев, шанхай hamkorlik tashkiloti

8. “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, dedi prezident.

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yo‘nalishida davom ettirish zarur, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarni o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani ma’lum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda”, — dedi u.

Shu munosabat bilan, “SHHT-Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.