O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi II mavsumiga 6-iyuldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Bunda:

  • loyihalar kiritish: 6−26-iyul;
  • loyihalarni saralash: 26-iyul-15-avgust;
  • targ‘ibot qilish: 15-avgust-22-avgust;
  • ovoz berish: 22-avgust-1-sentabr sanalari davomida o‘tkaziladi.

Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1 trln 360 mln so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yil 1-mavsumi g‘oliblari aprel oyida e’lon qilingandi. Respublika bo‘yicha jami 2770 ta loyiha g‘olib deb topilgan, ularni moliyalashtirishga 3,3 trln so‘m yo‘naltirilgan. O‘shanda ovoz berish jarayonlarida 11,7 mln kishi ishtirok etgandi.

Ma’lumot uchun, 2024-yildan “Tashabbusli budjet”dagi loyihalarda “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi amal qilmoqda. Ya’ni bir fuqaroda bir necha telefon raqami bo‘lsa ham, u faqat bittasidan ovoz bera oladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, “SIM kartani kim ishlatayotgani ahamiyatsiz, u kimning nomidaligi muhim”.