“O‘zbekneftgaz"ga tegishli UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodini sotish qiymati 519 milliard so‘mni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda kompaniyaning moliyachi Otabek Bakirov e’tibor qaratgan 2023-yil uchun konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotida aytiladi.

Bitim 2023-yilning noyabrida tuzilgan (Markaziy bankning o‘sha oydagi o‘rtacha kursi bo‘yicha — 42,3 million dollar).

chinoz neftni qayta ishlash zavodi, petroleum technology group, ung petro, uzbekneftgaz, xususiylashtirish

Hisobotga ko‘ra, 547 milliard so‘mlik ikki aktivning sof balans qiymati 259 milliard so‘mni tashkil etadi (majburiyat/qarzni ayirganda). Neftni qayta ishlash zavodi va yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i sof aktivlarining balans qiymati va sotish sanasida kelib tushgan to‘lov o‘rtasidagi 260 milliard so‘m miqdoridagi farq asosiy faoliyatdan olingan daromadlar deb e’tirof etilgan.

Shundan kelib chiqib, narx miqdori 519 milliard so‘mni (260+259) tashkil etadi.

Shu bilan birga, moliyaviy hisobotlarda asosiy faoliyatdan tashqari daromadlarning umumiy miqdori 194 milliard so‘m etib ko‘rsatilgan. Bu kompaniya boshqa oshkor etilmagan aktivlarini sotishdan 66 milliard so‘m zarar ko‘rgani yoki birdaniga butun summani olmagani, ya’ni to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligini anglatishi mumkin.

chinoz neftni qayta ishlash zavodi, petroleum technology group, ung petro, uzbekneftgaz, xususiylashtirish

Yana bir moliyaviy hisobotda aytilishicha, UNG Petro kompaniyasini sotishdan tushgan daromad 106,06 milliard so‘mni, Chinoz neftni qayta ishlash zavodidan — 46,12 milliard so‘mni (jami — 152,18 milliard so‘m) tashkil etgan. Hujjatda bu aktivlar uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlarning umumiy miqdori yoki faqat bir qismi ekani aytilmagan.

May oyi o‘rtalarida “O‘zbekneftgaz"ning ismi sir qolishini istagan vakili “Gazeta.uz"ga 69 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ining o‘zi taxminan 50 million dollarga sotilganini aytgandi. Biroq, hisobotlardan ko‘ra, ikki obyektning umumiy qiymati taxminan 42,3 million dollarga baholangan.

Mart oyi boshida “Gazeta.uz” Daniyar Kamilovga (sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi (ustav kapitali — 101 mln so‘m) O‘zbekistondagi eng yirik yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning (ustav kapitali — 265 mlrd so‘m) egasiga aylangani xabar qilingandi.

Xuddi shu kompaniya Chinoz neftni qayta ishlash zavodi egasiga aylangandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hozircha bitim tafsilotlarini ma’lum qilganicha yo‘q (UNG Petro qachon, qancha summa va qanday shartlar asosida xususiylashtirilgani ma’lum emas).

2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsion dasturda “O‘zbekneftgaz” tomonidan 2023−2024-yillarda Buxoro tumani va Toshkentning Sergeli tumanida 2,5 million dollarga ikkita yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurilishi belgilangan. Shu tariqa bitta stansiya qurilishi, yer narxini hisobga olmaganda, 1,25 million dollarga (80 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi — 100 million dollar) tushishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda UNG Petro`ning aylanmasi 2,24 trillion so‘mni (taxminan 178 million dollar) tashkil etgan, bu 2022-yilga (1,86 trillion so‘m) nisbatan 20,4 foizga ko‘p. Shu bilan birga, kompaniya tomonidan 85,5 milliard so‘m soliq to‘langan, bu o‘tgan yilga nisbatan (156,3 milliard so‘m) qariyb 2 barobar kam, chunki 2023-yilda Ai-80 benzinini sotishda aksiz solig‘i bekor qilingan edi.