Buxoroda voyaga yetmagan farzandlarining nikoh to‘yini tashkil qilgan ota-onalar ma’muriy javobgarlikka tortildi, deb xabar qildi Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Avvalroq 29-iyun kuni Shofirkon tumanida yashovchi 16 yoshli o‘g‘il va Qorako‘l tumanida yashovchi 17 yoshli qiz o‘rtasida “Fathobod” marosimlar uyida to‘y marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, ota-onalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47−3-moddasi 2-qismi (Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxslarni uylantirgani va erga bergani uchun N.S. va Q.N.ga nisbatan BHMning 7 barobari miqdorida (2,38 mln so‘m) jarima solingan.

Qayd etilishicha, ota-onalar diniy marosim (nikoh) o‘tkazmagan va nikohni FHDYO organlarida rasmiylashtirmagan, faqat to‘y marosimini o‘tkazgan.

O‘zbekistonning Oila kodeksiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham 18 yosh deb belgilangan.

“Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy, aqliy va ma’naviy uyg‘un ravishda kamol topish huquqlariga mutlaqo ziddir”, — deyiladi Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Yil boshidan buyon sudlar tomonidan 125 ga yaqin ish ko‘rib chiqilgan

“Gazeta.uz” Oliy sud saytidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, 2024-yil boshidan buyon sudlar tomonidan nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi bilan bog‘liq 125 taga yaqin ish ko‘rilganini aniqladi.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni uylantirish yoki erga berish, shuningdek nikohi belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida diniy nikoh marosimini o‘tkazish shular jumlasiga kiradi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning tahririyatga aniqlik kiritishicha, qizlar uchun nikoh yoshi 18 yoshga ko‘tarilgan 2019-yilgacha 5123 dan ortiq (2018-yilda) erta nikoh qayd etilgan. 2023-yilda 42 ta shunday holat qayd etilgan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev o‘tgan yilning dekabr oyida bolalar ombudsmanı bilan uchrashuvdan so‘ng “qizini buyum, mulk sifatida ko‘rib, erta turmushga bermoqchi bo‘lgan ota-onalar”ni tanqid qilgan edi.