2024-yilda OTM va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan 894 279 nafar abituriyentning 805 688 nafari test sinovida ishtirok etadi (o‘tgan yili 948 486 nafari testda qatnashishi mumkin edi). Bilimni baholash agentligi imtihonda qatnashadigan abituriyentlar statistikasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 88 ming 591 kishining topshirgan hujjati turli sabablar bilan qabul qilinmagan. Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abituriyentlarning 422 400 nafarini xotin-qizlar (52,4 foiz), 383 288 nafarini erkaklar (47,6 foiz), tashkil etadi. 2024-yilda 489 118 nafar (60,7 foiz) abituriyent test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan to‘lovdan ozod etilgan.

Doimiy yashash hududi bo‘yicha eng ko‘p Samarqand viloyatida 95 979 nafar, Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar, Farg‘ona viloyatida 79 808 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Abituriyentlarning 46 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 12 851 nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan. Ro‘yxatdan o‘tishda 22 632 nafar abituriyent chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan bo‘lib, ulardan 20 063 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi.

Bundan tashqari 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

2024-yilda test sinovlarini sifatli tashkil etish va o‘tkazish uchun binolar optimallashtirilib, hozirda 73 ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176 ta guruhda, 35 280 nafar, bir kunda esa 70 560 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi va test sinovlarini 12 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 2690 nafar guruh nazoratchi tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etiladi.

Test sinovlarida foydalaniladigan 15 ta (tillar kesimida 29 ta) umumta’lim fanidan 40 mingdan ortiq yangi test topshirig‘i shakllantirildi va ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi (Call-markaz) doimiy xizmat ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda.