Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Baxtiyor Toyirjonovich Ibrohimov Jizzax viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuroratura matbuot xizmati xabar qildi.

Baxtiyor Ibroximov tayinlovga qadar Chirchiq shahar prokurori keyinroq Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Ibrohimov 2021-yilda Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning ishi sudgacha yetib bormasidan OAVlarda aybdor degan fikrni ilgari surgani bilan ko‘pchilikka tanish.

Xususan, 2021-yil 8-sentabr kuni Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, juda ko‘p miqdorda) hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilingan edi.

13-sentabrga kelib, OAVlarda Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimovning intervyusi chiqa boshladi. Prokuror unda tergovga qadar tekshiruv ishlari yakun topmagan, aybi hali to‘liq isbotlanmagan Guljahon Yo‘ldoshevaning ayblilik masalasiga keskin munosabat bildirgan edi. Bu bilan u aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmagan.