Kir Starmer va uning yangilangan Leyboristlar partiyasi 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Buyuk Britaniyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi, ekzit-poll natijalariga ko‘ra, Konservativ partiyaning 14 yillik boshqaruviga yakun yasaldi va so‘l markaz hukmron bo‘lgan yangi hukumatga o‘tiladi, deb yozdi BBC.

Bu Leyboristlar partiyasi 19 yil ichida birinchi marta g‘alaba qozonishini anglatadi.

Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, Leyboristlar partiyasi parlamentdagi 650 o‘rindan 410 tasini qo‘lga kiritishi mumkin. Uning 62 yoshli rahbari Kir Starmer Rishi Sunakdan keyin Buyuk Britaniyaning navbatdagi bosh vaziri bo‘lishi kutilmoqda. U Leyboristlar tarafdorlariga mamlakat “umid quyoshi” bilan uyg‘onayotgani va o‘zgarish davri kelganini ta’kidladi.

Foto: X / @Keir_StarmerFoto: X / @Keir_Starmer

O‘zining g‘alaba nutqida Leyboristlar yetakchisi “milliy yangilanish” va’dasi va “mamlakatni birinchi o‘ringa, partiyani ikkinchi o‘ringa qo‘yish” haqida gapirdi.

Hukmron Konservatorlar partiyasi, ekzit-poll natijalariga ko‘ra, atigi 131 o‘rinni olmoqda. Liberal-demokratlar 61 o‘ringa, Shotlandiya Milliy partiyasi o‘nta o‘ringa erishishi mumkin.

Konservativ partiya so‘nggi to‘rtta saylovda ketma-ket g‘alaba qozongandi va 14 yildan beri hokimiyatda bo‘lib turibdi. 2022-yil oktabrdan beri bosh vazirlik qilib kelayotgan Rishi Sunak Konservativ partiyaning umumiy saylovlardagi tarixiy mag‘lubiyati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini aytdi.

Foto: X / @RishiSunakFoto: X / @RishiSunak

Leyboristlar oxirgi marta 2005-yilda saylovda g‘alaba qozongandi. 2019-yildagi so‘nggi saylovda Leyboristlar atigi 202 o‘rinni qo‘lga kiritgandi, bu 1935-yildan beri eng yomon natija sanaladi.

Bu Buyuk Britaniyada 2020-yilda mamlakat Yevropa Ittifoqini rasman tark etganidan keyin o‘tkazilayotgan birinchi parlament saylovidir.

Kir Starmer haqida nimalar ma’lum?

Starmer siyosat maydonida nisbatan ancha yangi. U 1990-yillarda advokat sifatida ish boshlagan. Birinchi marta 2015-yilda London shimolidagi Holborn va Sent-Pankras saylov okrugida saylangan va partiyaning 2019-yilgi qoniqarsiz kechgan umumiy saylovlaridan so‘ng Leyboristlar rahbariyatini qabul qilib, “yangi davr”ni boshlashga va’da bergan.

Foto: X / @Keir_StarmerFoto: X / @Keir_Starmer

Kir payshanba kuni xuddi shu saylov okrugida qayta saylandi va o‘zining g‘alaba nutqida odamlar “o‘zgarishlarga tayyor” ekanini aytdi. “O‘zgarishlar aynan shu yerda boshlanadi, chunki bu sizning demokratiyangiz, jamiyatingiz, kelajagingiz. Siz ovoz berdingiz. Endi esa bizning yetkazib berish vaqtimiz keldi”, — dedi u.