Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudida 8 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan er-xotinga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Qashqadaryo viloyati sudi matbuot xizmati bosh konsultanti Farhod Tilavov.
Qayd etilishicha, 53 yoshli B.Q. (erkak) hamda 35 yoshli M.A. (ayol) qiz farzandini 190 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Suddagi ko‘rsatmasida er-xotin ushbu pulga uy sotib olmoqchi bo‘lganini aytgan.
Sud hukmida keltirilishicha, 1971-yilda tug‘ilgan, 7 farzandning otasi bo‘lgan erkak bu ayol bilan o‘zi qorovul bo‘lib ishlovchi korxonada shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan. Ular 25-fevral kuni qiz farzandli bo‘lgan.
5-mart kuni chaqaloqni sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro erkakning uyiga borgan. Ota kelishilgan puldan 45 mln so‘mini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 28-iyundagi hukmi bilan ota-ona Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Erkakka 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, ayolga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.