Toshkent xalqaro aeroporti kassalarida o‘ndan ortiq aviakompaniya chiptalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shu paytgacha aeroportda faqat Uzbekistan Airways va Silk Avia aviachiptalarini xarid qilish mumkin bo‘lgan. Biletlar xalqaro aeroportning ikkinchi qavatida — jo‘nab ketish zalining VIP va CIP zallari yonida joylashgan, 24/7 ishlaydigan kassadan olinadi.

Bular, Uzbekistan Airways, Silk Avia, Centrum Air, Qanot Sharq, Air Samarkand, Turkish Airlines, Asiana Airlines, Lot Airlines, Belavia, Air Astana, Aeroflot, Ural Airlines, S7, Red Wings, Utair aviakompaniyalaridir.

Bundan tashqari, kassada yo‘lovchilar Uzbekistan Airways, Silk Avia va Centrum Air`ning qo‘shimcha xizmatlari uchun haq to‘lashlari mumkin. Ya’ni chiptalarni qayta bron qilish va qayta rasmiylashtirish, xizmat ko‘rsatish klassini ko‘tarish yoki tushirish, ortiqcha va maxsus bagaj, shu jumladan, o‘simlik va hayvonlarni tashish uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

Shuningdek, bu yerda Fast Track, CIP Lounge va Anor zallari xizmati uchun to‘lovi ham amalga oshiriladi.