O‘zbekistonda xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalari va bo‘linmalarini tashkil etish hamda ularning faoliyati taqiqlandi. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga bu borada qo‘shimcha kiritildi.

O‘zgartirishni prezident Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni imzolagan. U 11-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 22-iyun kuni Senat tomonidan ma’qullangan. O‘zgartirish bo‘yicha muhokamalar borasida avval xabar berilmagan.

Qonun muqaddimasida mamlakatda partiyalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, xorijiy davlatlar siyosiy partiyalarining O‘zbekiston hududidagi faoliyatini tartibga solish talab etiladi, deyiladi hujjatda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda beshta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya.

Navbatdagi parlament saylovlari kuzda bo‘lib o‘tadi. Oxirgisi 2019-yilda bo‘lib o‘tgandi.