XXI asrda ko‘pgina iyun oylari kabi bu yilning iyuni ham issiq bo‘lib, o‘rtacha oylik harorat me’yordan 1−2,5 darajaga ko‘p bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Sinoptiklarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida 2024-yil iyun oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi. Toshkentda o‘tgan iyun oyi 2021 va 2023-yillarning iyunlaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi, ular me’yordan 2,8−3,2 darajaga issiqroq bo‘lgandi.

Oy davomida harorat foni deyarli tekis bo‘lishi qayd etildi. Respublikaning katta qismida iyun oyida maksimal harorat asosan +32…+37, janubda va cho‘l hududlarda +36…+41 daraja atrofida bo‘ldi.

Eng issiq ob-havo 27−28-iyunkunlari kuzatildi. Ushbu kunlarda harorat +39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +42…+43 darajagacha ko‘tarildi. Bu iyun oyi uchun eng yuqori harorat qiymatlari emas.

Infografika: O‘zgidromet.Infografika: O‘zgidromet.

Iyun oyidagi maksimal havo harorati rekordlari +42…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarda +45…+47 darajani tashkil etadi. Xususan, Toshkentda 154 yillik meteorologik kuzatuvlar uchun 1914-yil iyun oyining mutlaq maksimal harorati +43,0 daraja bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, ko‘pincha yoz faslida kuzatilgani kabi 2024-yil iyun oyida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyun oyi ekstremal quruq oy deb tavsiflanishi mumkin. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 0,0−4 mm ni, ayrim joylarda 6−11 mm gachani tashkil etdi.

Faqat Andijon, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonning shimolida yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘ldi. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 15−22 mm ga yetdi. Yomg‘ir juda kamdan-kam hollarda yog‘di (oyida 1−3 kun) va qisqa muddatli xarakterga ega bo‘ldi.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘irlar tez-tez kuzatildi va ayrim kunlarda yomg‘ir kuchli — bir necha soat ichida 10−20 mm gacha bo‘ldi. Bir oy davomida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 25−35 mm ga yetdi, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining baland tog‘li hududlarida 60−100 mm gacha bo‘lishi kuzatildi.

Jadval: O‘zgidromet.Jadval: O‘zgidromet.

Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida jala yomg‘irlar hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha esdi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim jylarida shamolning kuchayishi 22−25 m/s ga yetdi. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamolning ko‘chayishi changli bo‘ronlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 1000 metrgacha yomonlashdi, deyiladi hisobotda.