AQSh prezidenti Jo Bayden Donald Tramp bilan falokatli debatdan so‘ng o‘z nomzodini qaytarib olish va prezidentlik poygasini tark etish niyati yo‘qligini aytdi, deb xabar bermoqda CNN.

“Iloji boricha aniq, sodda va tushunarli qilib aytay: men yuguryapman. Men Demokratik partiyadan nomzodman. Hech kim meni tashqariga itarib yubormayapti. Men ketmayapman. Men bu poygada oxirigacha qatnashaman va biz g‘alaba qozonamiz”, — dedi Bayden o‘zining butun saylovoldi shtabi bilan konferensiya suhbatida. U “so‘nggi bir necha kun og‘ir bo‘lganini” tan oldi.

Uchrashuvda Bayden nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilsa, uning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan vitse-prezident Kamala Harris ham ishtirok etdi.

Bir kun oldin Bayden va Harris 24 demokrat gubernator bilan virtual va shaxsan uchrashib, ularni qayta saylanishga tayyor ekaniga ishontirgan. O‘sha uchrashuvdan so‘ng Nyu-York, Minnesota va Merilend gubernatorlari OAV bilan gaplashib, Baydenni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini aytgan.

Avvalroq New York Times manbalariga tayanib, Bayden yaqin kunlarda jamoatchilik fikrini o‘zgartira olmasa, nomzodini qaytarib olish to‘g‘risida o‘ylayotgani haqida xabar bergan edi. Oq uy bu da’voni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi.

CNN manbalariga tayanib, Bayden oilasi, jumladan, birinchi xonim Jill Bayden uning saylovda ishtirok etish qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yozmoqda. Baydenning sobiq yordamchisiga ko‘ra, prezident va uning rafiqasi muhim qarorlarni birgalikda maslahatlashmasdan qabul qilmaydi.

  • Bayden va Tramp o‘rtasidagi ilk saylovoldi debati 27-iyun kuni Jorjiya shtatining Atlanta shahridagi CNN studiyasida bo‘lib o‘tdi. Telekanal tomoshabinlarining 67 foizi respublikachi, 33 foizi esa demokrat g‘alaba qozonganiga ishongan. Ko‘pincha duduqlanib gapiradigan 81 yoshli Baydenning omadsiz chiqishi Demokratik partiyada vahima va uning yoshini hisobga olgan holda, nomzod bo‘lishi kerakmi, degan taxminlarni keltirib chiqardi. Ayrim donorlar va demokrat qonunchilar ochiqchasiga prezidentni poygadan chiqishga chaqirdi.
  • Debatdan so‘ng AQSh OAVda o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomalar Trampning Baydendan oldinda ekanini ko‘rsatdi. Masalan, New York Times so‘roviga ko‘ra, Tramp 49 foiz bilan 43 foizli Baydendan oldinda.