Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekov mahalliy kiyim brendining reklama roligida ko‘rinish bergani yuzasidan munosabat bildirdi.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, vazirlik rahbari The Voice of Uzbekistan (“Ovoz”) loyihasi hakamlar hay’ati a’zosi sifatida mazkur kiyim do‘koniga borib, loyihaning navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonida qatnashish uchun loyiha imijmeykerlari bilan birgalikda libos tanlagan.

“Libos tanlash jarayonida, lavhada aytib o‘tilganidek, Ozodbek Nazarbekov milliy brend rivoji uchun o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirib, tavsiya berib o‘tgan. Bu orqali mamlakatimizda yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan, xorijnikidan aslo qolishmaydigan, sifatli mahsulotlar tayyorlashga intilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan”, — deyiladi xabarda.

“Bundan vazirning hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmagan”, — deb qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

O‘z navbatida, vazir “O‘zbekiston xalq artisti va davlat xizmatchisi sifatida mamlakatning barcha qonunlarini hurmat qilishi va ularga qat’iy rioya etishi”ni ta’kidladi.

Hozirda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur vaziyat bo‘yicha o‘rganish boshlagan.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida mana bunday band bor: “Tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatish taqiqlanadi”.