O‘zbekistondagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri Mobiuz juma kuni ertalab billing tizimi bilan bog‘liq ayrim xizmatlar profilaktika ishlari tufayli vaqtincha ishlamay qolayotganini ma’lum qildi.

“Kutilmagan holat natijasida hozirda Mobiuz`ning ba’zi xizmatlari faoliyati cheklangan. Xususan, raqamlar balansini va turli to‘plamlar qoldig‘ini tekshirish, yangi xizmatlarni faollashtirish, hisobni to‘ldirish, yangi raqamlarni ulash kabi xizmatlardan vaqtincha foydalanib bo‘lmayapti. Texnik ishlar kompaniyaning billing tizimida olib borilayotgani sababli kompaniyaning mobil ilovasidan foydalanishni ham vaqtinchalik iloji yo‘q”, — deyiladi xabarda.

Operatorning asosiy xizmatlari — mobil internet, ovozli qo‘ng‘iroqlar va SMS xabarlar odatdagidek ishlamoqda.

Mobiuz vakili Sardor Tojiyev abonentlar balansida yetarli mablag‘ bo‘lmasa yoki tarif rejasi yoki internet-paketida megabayt qolmagan bo‘lsa ham, profilaktika ishlari davomida xizmatlardan foydalana olish mumkinligiga ishontirdi.

“Balansingizni to‘ldira olmagan bo‘lsangiz yoki tarifdagi to‘plamlar qolmaganligida, raqamingiz bandlanmaydi yoki manfiy balansga o‘tib ketmaydi. Siz aloqada qolishingiz va raqamingiz haqida qayg‘urmasligingiz mumkin!” — dedi u.

Ishlar yakunlanganidan so‘ng kompaniya abonentlarni bu haqda xabardor qiladi hamda tarif va xizmatlaringiz holatini qayta ko‘rib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi, dedi operator vakili.

Fevral oyi holatiga ko‘ra, 7,7 million abonent Mobiuz xizmatlaridan foydalanishi ma’lum bo‘lgandi; 2023-yilda o‘sish 700 mingni tashkil etgan.