Shavkat Mirziyoyev 5−6-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Shusha shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport o‘zaro bog‘liqligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Sammit davomida ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya va investitsiya-moliya sohalarida, shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqadi. Tadbir yakunida qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.