Qirg‘izistonda 3-iyul kuni Afg‘onistonda ishlab chiqariladigan “Oltin hayot” anor ichimligi do‘konlardan olib qo‘yila boshladi. Ish QR Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklarning oldini olish va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limining buyrug‘iga binoan amalga oshirilmoqda, deb yozdi 24.kg O‘sh shahri meriyasiga tayanib.

Laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, ichimlikda azorubin Ye122 sintetik oziq-ovqat bo‘yoqlari topilgan, bu bolalarning faolligi va e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chakana savdo tarmoqlari rahbarlariga ushbu mahsulotlarni sotishni taqiqlovchi buyruqlar berilmoqda.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ham ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga munosabat bildirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning har bir partiyasi (mamlakatda Royal va boshqa nomlar bilan sotiladi) O‘zbekistonga olib kirilganda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan, natijada inson salomatligiga zarar yetkazadigan zararli moddalar aniqlanmagan.

Hozirda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli maxsulotlardan qayta namunalar olinib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda, deya qayd etdi qo‘mita.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar aholidan ushbu mahsulotdan zaharlanish yoki uning sifatsizligi haqida hech qanday shikoyat kelib tushmagan.

Azorubin Ye122`ning JSST tomonidan 1983-yilda belgilangan kunlik dozasi 0−4 mg/kg ni tashkil etadi. “Oltin hayot” ichimligi O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham sotiladi va bolalar va kattalar orasida juda mashhur.