Farg‘ona viloyati IIB Rishton tumanidagi idora xonasiga olib kirilgan fuqaro hushini yo‘qotib, reanimatsiyaga yotqizilgani aytilgan xabar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilning 4-iyul kuni Rishton tumanining Gumbaz mahallasida fuqaro R.M. Cobalt avtomobilida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib “To‘xtash ta’qiqlanadi” yo‘l belgisi ta’sir doirasiga avtomashinani qo‘ymoqchi bo‘lganda, IIO xodimlari unga huquqbuzarligini tushuntirmoqchi bo‘lgan. Biroq R.M. xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, haqorat qilib, transport vositasini shu yerda turgan fuqarolar va IIB xodimlari ustiga harakatlantirgan.

“Shundan so‘ng huquqbuzarlik sodir etayotgan shaxs zararsizlantirilib, majburiy tarzda IIO tayanch punktiga olib borilgan. Tayanch punktiga uning akasi M.R. ham kelib, baqir-chaqir qilib, xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan. Shu payt R.M.ning tutqanog‘i tutib o‘zini yo‘qotgan (Fuqaro R.M.ning muqaddam avtohalokat oqibatida orttirilgan epilepsiya kasalligi bo‘lgan). Fuqaroga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Tibbiy ko‘rik jarayonida fuqaroga jarohat yetkazilgan holati aniqlanmagan”, — deyiladi IIB xabarida.

Hozirda fuqaro R.M. va akasi M.R.ga nisbatan O‘zbekiston respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik), 194- (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), va 195- (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) moddalari tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborilgan.

Xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun xizmat tekshiruvi tayinlangan.