Juma kuni bolaning yo‘lda halok bo‘lgani haqidagi yana bir xabar jamoatchilikni larzaga soldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida yuz bergan fojia aks etgan video tarqaldi. Voqea haqda viloyat YHXB matbuot xizmati ham xabar berdi.

Yo‘l-transport hodisasi 3-iyul kuni soat 18:00 atrofida Samarqand tumanining “Jo‘yi Soy” mahallasi hududidan o‘tuvchi Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidagi dublyorda sodir bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlarFoto: Ijtimoiy tarmoqlar

Videoda avvaliga ikki bola qanday qilib yo‘lni kesib o‘tgani, so‘ngra yozuvda yana bir bola (2007-yilda tug‘ilgan) paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bola tengdoshlarining orqasidan nimadir deb qichqirdi va yo‘l bo‘ylab yugura boshladi, biroq uni Nexia urib ketdi.

YHXB hisobotida aytilishicha, bola “yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘ng tomondan chap tomonga yugurib o‘tgan”.

Jabrlanuvchi Samarqand shahri markaziy shifoxonasiga yetkazildi va u yerda vafot etdi. Holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, videodagi uch yigit ham qarindosh bo‘lib, ulardan biri marhumning ukasi, ikkinchisi amakivachchasi bo‘lgan.

YHXB, o‘z an’anasiga ko‘ra, “barcha haydovchilarni yo‘llarda harakatlanishda belgilangan tezlikni oshirmaslik, ota-onalarni voyaga yetmagan bolalarga e’tibor berish, yo‘l harakati qatnashchilaridan esa qoidalarga qat’iy rioya qilishga” chaqirib keladi.

Yo‘lni kengaytirish

2019-yil may.2019-yil may.

2023-yil aprel.2023-yil aprel.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, marhum bolaning ota-onasi uni yo‘lning 100 metr narida joylashgan oziq-ovqat do‘koniga yuborgan. Bola do‘kondan chiqib, yo‘lning narigi tomoniga yugurib o‘tayotgandi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, eng yaqin piyodalar o‘tish joyi orasidagi masofa 1 km dan ortiq bo‘lgani uchun odamlar bu yerdan muntazam ravishda yo‘lni kesib o‘tadi. Ko‘chani “belgilangan” joydan kesib o‘tish uchun bir yo‘nalishda 500 metr, ikkinchisida ham shuncha miqdorda yurish kerak. Shu bilan birga, ko‘chaning ikki tomonida turar joy binolari bor.

Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB.Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB.

2019-yilda 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yo‘l kengaytirila boshlandi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan архив suratlardan ko‘rinib turibdiki, avvallari yo‘l torroq bo‘lgan, yon tomonlarida ko‘p yillik daraxtlar o‘sgan.

Avvalroq Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida BYD haydovchisi katta tezlikda (taxminan 140 km/soat) urib ketgan 8 yoshli qizaloq vafot etgani haqida xabar bergandik.

Tahririyatdan

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil fevral oyida ilk bor yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. U ushbu sferada yuzaga kelgan vaziyatni “favqulodda” deb atagan va parlament, Ichki ishlar vazirligi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, transport sohasi rahbarlari hamda hokimlarni bu borada sukut saqlashda ayblagandi. Shu bois bu muhim masala bilan o‘zim shug‘ullanishga majbur bo‘ldim, — degandi davlat rahbari.

2023-yil sentabrida prezident yana amaldorlar va deputatlarni yo‘llardagi o‘lim holatlariga befarqlikda aybladi. “Yo‘llarda shuncha odam o‘lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo‘lmaydi. Nega prezident tashvish qilib, hammani „yondirishi“ kerak? Nimaga deputatlar „yonmaydi?“” — deb so‘ragandi u.

“Gazeta.uz” yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi hamda yo‘llarda yuqori o‘lim va jarohatlar ko‘rsatkichi uchun mas’uliyat haqida bir necha bor yozgan. Ko‘plab bayonotlar, qarorlar va yo‘l xaritalariga qaramay, vaziyat nafaqat og‘irligicha qolmoqda, balki yomonlashishda davom etmoqda.

Yaqinda Senatda yilning dastlabki besh oyida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 65 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘lgani, 294 nafari jarohatlangani haqida ma’lum qilindi. 2023-yilda yo‘llarda 263 nafar bola halok bo‘lgan, 1568 nafari jarohatlangan.

Na mamlakat miqyosida, na shaharlar, tumanlar, ko‘chalar va mahallalar kesimida fojianing to‘liq manzarasini ko‘rishning imkoni yo‘q — rasmiylar tomonidan e’lon qilinayotgan statistika uzuq-yuluq, tartibsiz va yetarli darajada to‘liq emas. Avariyalarda haydovchilik madaniyati, piyodalar, bolalar va ularga e’tibor bermagan ota-onalarni ayblashda davom etilmoqda, vaholanki, ko‘chalarni noto‘g‘ri loyihalash, yo‘l belgilari bilan savodsizlarcha yondashuv, yo‘l harakati qoidalari va nazoratning zaifligi uchun javobgarlik tan olinmay kelinyapti.

Harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “samarali” ishlarga bir misol. 2022-yil 1-maydan yangilangan YHQga ko‘ra, avtomobillarning old o‘rindiqlari yo‘lovchilari xavfsizlik kamarlarini taqishlari shart. Biroq ushbu talabga rioya etmaganlik uchun jarima hali ham belgilanmagan, shuning uchun unga rioya qilinmaydi.